Assalomu alaykum muhtaram ustoz va murabbiylar!
Jonajon yurtimizda “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan ezgu shior ostida nishonlangan mustaqillik bayrami shukuhi kezib yurgan ushbu kunlarda barchamizning qalbimizga nur bag‘ishlab, bilim va tafakkur yolqinlarini yoqqan, sharafli kasb egasi bo‘lgan, Siz azizlarni 1 oktabr - “Ustoz va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Dunyoda shunday kasb egalari borki, ularsiz hayotimizni tasavvur qilish qiyin. O‘qituvchilar esa hayotimiz charog‘bonlaridir. Kim bo‘lmaylik, qaysi sohada faoliyat yuritmaylik, barchamizga muallimlar ta’lim va tarbiya berishgan.
Xalqimizda "Ustoz otangdek ulug‘", degan so‘z bor. Kimki bu hayotda biror yutuqqa erishsa, kasbidan e’zoz topsa, uning qalbida ustozlariga, birinchi o‘qituvchisiga bo‘lgan hurmat abadiy muhrlanadi.
Shuning uchun ham Sizlardan ta’lim va tarbiya olgan, o‘zini oldingizda umrbod qarzdor deb his etadigan barcha insonlar nomidan Sizlarga har qancha minnatdorchilik bildirsak shuncha oz. Hayot bor ekan, o‘qituvchilik kasbi o‘zining ma’no-mazmuni va olijanobligini, ahamiyati va hurmatini hech qachon yo‘qotmaydi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning "Sizlarning yoshlarimiz qalbi va ongiga ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini singdirish, ularni turli tahdidlardan asrash, komil inson etib voyaga yetkazish yo‘lidagi beqiyos xizmatlaringizni barcha ota-onalar, jamoatchiligimiz, butun xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi", — degan so‘zlari fikrimizning yaqqol tasdig‘idir.
Biz shu qutlug‘ ayyomni keng nishonlar ekanmiz, Sizlarning yosh avlodga bilim berishdek mashaqqatli, ammo sharafli mehnatingiz uchun barchamiz samimiy minnatdorchilik bildirishni o‘zimizning muqaddas burchimiz deb bilamiz.
Siz azizlarni va tumanimizdagi barcha o‘qituvchi-murabbiylarga Vatanimizning bugungi ravnaqi, ertangi istiqboli yo‘lidagi mas’uliyatli va mashaqqatli mehnatingiz uchun tuman ahli nomidan va o‘z nomimdan yana bir bor samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Bayramingiz yana bir bor muborak bo‘lsin aziz ustozlar!